Ma’lumki, korroziya hodisasi — metallni, korrupsiya esa, jamiyatni yemiradi. Jamiyatni yemirishi shunda namoyon bo‘ladiki, fuqarolarning davlatga, amaldagi qonunlarga bo‘lgan ishonchi susayadi. Binobarin, biz, sudyalar korrupsiyaga oid jinoyat va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda qat’iyatlik bilan jazoning muqarrarligini ta’minlashimiz shart.
Shu o‘rinda fikrimizni bir jinoyat ishi misolida davom ettirsak, poytaxtimizning Yunusobod tumanida yashovchi Tal’at Bekqulov (ism-shariflari o‘zgartirilgan) 1998 yilda ichki ishlar organlari tizimiga ishga kiradi. Keyinchalik IIB tezkor vakili lavozimini egallaydi.
Mazkur xizmati mobaynida oshna-og‘aynilari, mahalla-ko‘y va boshqa tanish-bilishlari o‘rtasida o‘ziga yarasha hurmat-e’tibor qozonadi. Shu tariqa T. Bekqulov tizimda 18 yil ishlaydi. Ammo nafs qutqusiga uchrab, shuncha yil misqollab yiqqan obro‘sini o‘zi to‘kib qo‘yadi. Aniqrog‘i, 2016 yilda Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan “Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish” jinoyatini sodir etadi. Oqibatda jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2017 yil 24 yanvardagi hukmiga ko‘ra, mazkur modda bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. Biroq 2016 yil 12 oktyabrdagi amnistiya akti qo‘llangan holda jazodan ozod qilinadi.
Aslida, amnistiya aktining qo‘llanilishi o‘sha shaxsga qilmishidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olishi va takroran jinoyatga qo‘l urmasligi uchun berilgan imkoniyatdir. Afsuski, T. Bekqulovning ko‘zi ochilmagan ekan.
Achinarlisi, bu gal ham u nafs qutqusiga uchib, jinoyat sodir etadi.
Gap shundaki, anchadan buyon T. Bekqulov tumandagi tadbirkorlik sub’ektlaridan birida ishlab kelayotgandi. 2025 yil avgust oylarida eski bir tanishi unga Shahnoza Najimovani ro‘baro‘ qiladi. Aniqrog‘i, Sh. Najimova o‘zining shaxsiy muammosi yuzasidan maslahat so‘raydi.
— Dugonam sizni ilgari ichki ishlar idorasida ishlaganingizni aytib qoldi. Shuning uchun menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsangiz, — deydi u.
— Sizga qanaqa yo‘l-yo‘riq kerak? — ayolning gapni uzoqdan boshlaganidan taajjublanadi T. Bekqulov.
Ma’lum bo‘lishicha, Sh. Najimova muqaddam — 2020 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmi asosida sudlangan edi.
Binobarin, ayol o‘zining sudlanganlik holatini olib tashlash yo‘li bor-yo‘qligini so‘raydi. Biroq T. Bekqulov ayolga qonuniy maslahat berish o‘rniga vaziyatdan “unumli” foydalanib qolishni o‘ylaydi.
— Xarajatini bersangiz, men vazirlikdagi hamkasblarim bilan gaplashaman. Sudlanganlik holatingizni kompyuterdan o‘chirib tashlashadi, — deya og‘iz to‘ldirib gapiradi u.
— Qancha berishim kerak? — so‘raydi Sh. Najimova biroz ikkilanib.
— Bilasiz, elektron baza faqat ularning qo‘lida. Har kim ham hal qilib berolmaydi bu muammoni, — deydi sobiq xodim.
U shunday deb 4 000 AQSh dollari evaziga ichki ishlar organlarida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytadi. Lekin ayol bu ta’magirlikni qabul qilolmaydi. Binobarin, T. Bekqulovning talabidan norozi bo‘lib, ichki ishlar idorasiga murojaat qiladi. Oqibatda mazkur holat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. Unda ko‘zi ochilmagan T. Bekqulov 2025 yil 11 sentyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani, Oqqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan ishxonasi yonida Sh. Najimovadan 4 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlanadi.
Shundan so‘ng T. Bekqulovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi esa, uni Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.
Xulosa o‘rnida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 27 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi bir fikriga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Davlatimiz rahbari “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa — islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz” deya alohida ta’kidladi.
Demak, jamiyatimizda xavfsiz muhitni ta’minlash, korrupsiya illatiga qarshi murosasiz kurashish har birimizning muqaddas burchimiz ekanini unutmaylik.
Dilnoza XOLIQNAZAROVA, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi