Bugungi global raqamli makonda jamiyat hayotining barcha sohalari chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirayotgani — davr talabi. Chunki zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga faqat qulaylik emas, balki yangi tafakkur, yangi boshqaruv va yangi adolat mezonlarini taqdim etmoqda.
Bu jarayon sud-huquq tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Aksincha, odil sudlovni ta’minlashda raqamli yechimlar joriy etilishi bugungi kunda ob’ektiv zaruratga aylandi.
Yangi O‘zbekistonda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish, sud mustaqilligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani bejiz emas. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada qabul qilinayotgan farmon va qarorlar sudlarning ochiq, shaffof va xalqqa yaqin institut sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda sud tizimida ochiqlik va tezkorlikni ta’minlash, byurokratik to‘siqlar va inson omilini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishga qaratilgan o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mazkur huquqiy asoslar sud ishlarini yuritishda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, sud faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.
Natijada barcha sud instansiyalarida ishlar o‘z vaqtida va qonuniy ko‘rib chiqilishini ta’minlovchi samarali nazorat tizimi shakllandi. Sudlov jarayonlarida avtomatlashtirish darajasi oshdi, sudyalar faoliyatiga oid ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, qaror qabul qilishda eng muhim mezon — xolislik va qonuniylikni yanada mustahkamlamoqda.
Ayniqsa, Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan PF-140-sonli Farmoni sud tizimida raqamli transformatsiyani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Unga muvofiq, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan bosqichma-bosqich voz kechish va “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarni to‘liq elektron formatda yuritish belgilandi. Bu yondashuv ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etish, odil sudlovda inson omilini kamaytirish va korrupsiyaviy xavflarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday qulayliklar asosida bugungi kunda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan sud ishlari bilan elektron tarzda tanishishi, sud majlisi sanasi va vaqti haqida onlayn tarzda ma’lumot olishi, sudlarga elektron murojaat yo‘llashi hamda videokonferensaloqa orqali masofadan turib, sud jarayonlarida ishtirok etishi mumkin. Bu imkoniyatlar aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun sud xizmatlaridan foydalanishda shu paytgacha misli ko‘rilmagan qulaylik va oshkoralikni ta’minlayotgani ayni muddao bo‘ldi.
E’tirof etish o‘rinliki, ushbu islohotlar Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Xususan, 2025 yilda Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarida birinchi instansiyada 517 mingdan ortiq ish ko‘rilgani va bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan ikki barobardan ziyod o‘sgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Albatta, ishlar sonining yildan-yilga ortib borishi, avvalo, fuqarolarning huquqiy ongi va sud tizimiga bo‘lgan ishonchi yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, sudlar zimmasidagi yuklama yuqori ekaniga qaramay, ishlar belgilangan muddatlarda va qonun talablariga muvofiq hal etilayotgani tizim samaradorligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, yuqori instansiya sudlari tomonidan amalga oshirilayotgan apellyatsiya, kassatsiya va taftish ishlari ham qonuniylikni ta’minlashda muhim nazorat mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda. Qabul qilinayotgan xususiy ajrimlar esa, qonunbuzilishi holatlarining oldini olish, mas’ul organlar e’tiborini ishda yo‘l qo‘yilgan muammolarga qaratishga xizmat qilmoqda.
Misol uchun 2025 yilda Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati sud-huquq tizimidagi islohotlar, raqamli transformatsiya va zamonaviy boshqaruv mexanizmlari bilan uyg‘un holda izchil rivojlangani — mamlakatimizda sud-huquq tizimi tubdan isloh qilinishining amaliy ifodasidir. Shu bilan birga, sud amaliyoti tahlili davomida aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga nisbatan protsessual choralar ko‘rilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari jamiyatimiz hayotida ham izchil va tizimli xarakter kasb etmoqda. Chunki “Raqamli sud” konsepsiyasining joriy etilishi sud ishlarini yuritishda shaffoflikni ta’minlash, odil sudlov jarayonlarida inson omilini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va korrupsiya xavflarini pasaytirishda muhim ahamiyatga ega.
Shu bois “Raqamli sud” konsepsiyasining bosqichma-bosqich joriy etilishi sud tizimi yanada ochiq, tezkor va samarador bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu jarayonlar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sudga murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, adolat va xolislik prinsiplarini hayotga tatbiq etishga qaratilganligi bilan ulkan ahamiyat kasb etadi. Yangi O‘zbekistonda raqamli adolat sari qo‘yilayotgan bu qadamlar kelgusida ham sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, odil sudlov sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Bobir ISLAMOV, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi