Jurnal Bosh muharriri
+998712799660| F.I.SH | Lavozimi | Bog'lanish |
|---|---|---|
| Sodiqov Mutalib Qurbonovich | Masʼul kotib | +998712789196 |
| Vorisova Mashhura | Katta muharrir | +998712789654 |
| Yuldashev Anvar | Bosh hisobchi | +998712782596 |
Ushbu nashr «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 80-moddasiga binoan 1995 yil oktyabr oyida «Xo‘jalik va huquq» – «Хозяйство и право» nomi bilan ijtimoiy-huquqiy, ilmiy-ma’rifiy jurnal sifatida Oliy xo‘jalik sudi qoshida tashkil etilgan. U 1996 yildan boshlab chop etilmoqda. Unda iqtisodiyot sohasida vujudga keladigan xo‘jalik nizolarini hal qilishda qo‘llaniladigan qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, chet davlat arbitraji va hakamlik sudlari tajribalari, xo‘jalik sudlari amaliyoti, xo‘jalik sudlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hamda sud-huquq islohotlariga oid materiallar muntazam e’lon qilib borilgan. Jurnal xo‘jalik sudlarini axborot bilan ta’minlash, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va tadbirkorlar o‘rtasida huquqiy bilim va madaniyatni oshirishga xizmat qilgan. Jurnal 2005 yildan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Axborotnomasi» – «Вестник Высшего хозяйственного суда Республики Узбекистан» deb nomlanib, 2017 yil may oyiga qadar oyma-oy muntazam nashr qilib kelingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi raislarining 2017 yil 17 maydagi 14/15-sonli qo‘shma farmoyishiga, Chilonzor tuman yagona darcha markazi tomonidan 2017 yil 23 mayda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga va O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2017 yil 8 iyunda berilgan guvohnomaga asosan 2017 yil 9 iyundan boshlab «O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Axborotnomasi» – «Vestnik Vыsshego xozyaystvennogo suda Respubliki Uzbekistan» jurnali tahririyatining nomi «Iqtisod va huquq» – «Ekonomika i pravo» deb o‘zgartirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2017 yil 30 avgustdagi RS-38-17-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining nashri «Iqtisod va huquq» – «Ekonomika i pravo» jurnali yuqoridagi Farmonga binoan sudlarning qo‘shilishi munosabati bilan «Odil sudlov» – «Правосудие» deb nomlanib, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan 2017 yil 29 noyabrda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilib, chop etib kelinmoqda.
Jurnal quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oliy sud muassisligida nashr etilmoqda:
1. Mustaqillikdan so‘ng bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarini keng targ‘ib qilish;
2. Aholining, shuningdek tadbirkorlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishda faol ishtirok etish;
3. Huquqshunos olimlar, yuristlar, advokatlarning sud-huquq sohasiga oid ilmiy qarashlarini, taklif qilayotgan yangiliklarini yoritib borish;
4. Sudyalar, sud tizimi xodimlarining sohaga bog‘liq maqolalarini chop etib borish;
5. Oliy sud Plenumi va Rayosati qarorlari, sud amaliyoti umumlashmalari va muassisning boshqa rasmiy hujjatlarini, axborot va e’lonlarini izchil ravishda nashrga tayyorlash hamda ularni chop etish;
6. Sud tizimining shaffofligini, ochiqligini ta’minlash maqsadida hal qiluv qarorlari bo‘yicha tayyorlangan sharhlarni nashr qilish;
7. Xalqaro huquq va chet el tajribasi bilan tanishtirib borish.
«Odil sudlov» – «Правосудие» jurnali respublikada o‘zbek va rus tillarida oyma-oy nashr etilayotgan sanoqli huquqiy jurnallardan biri hisoblanadi. Mazkur jurnal har yili o‘rtacha 4000 adadda chop etilib, o‘z vaqtida obunachilarga yetkazib berib kelinmoqda.
Jurnal sahifalarida sud-huquq islohotlariga, sudlar amaliyotiga, ushbu sohaga oid ilmiy maqolalar, chet el tajribasiga bag‘ishlangan, shuningdek rus va o‘zbek tillarida 70 dan ortiq ruknda dolzarb mavzular berib boriladi.
Jurnalda asosan fuqarolar, tadbirkorlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar vakillarining huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularning huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan va sud-huquq islohotlariga oid materiallar yoritib kelinmoqda. Shuningdek, jurnal sahifalarida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, tadbirkorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon, qaror va tegishli farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa normativ hujjatlar ham berib borilmoqda.
Jurnal respublika sudlari sudlov amaliyotiga doir materiallarni, shuningdek Oliy sud Plenumi, Rayosati va aniq ishlar bo‘yicha qarorlar obzorlarini o‘z sahifalarida o‘zbek va rus tillarida muntazam berib borayotgan huquqiy ilmiy-amaliy nashrdir.
Shuningdek, yetuk huquqshunos olimlarning ushbu sohani chuqur tadqiq qilgan hamda xalqaro huquq amaliyotini solishtirib o‘rganilgan ilmiy maqolalari doimiy berilmoqda.
Tahririyat tomonidan huquqshunoslar, advokatlar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa qiziquvchilarning huquqiy manbalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun Plenum qarorlari, sud qarorlari va sud hujjatlari namunalarini vaqti-vaqti bilan to‘plam holida chop etib kelinmoqda.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013 yil 30 dekabrdagi qarori bilan doktorlik dissertatsiyalari bo‘yicha ilmiy maqolalar chop etiladigan nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Jurnal 2015 yilda «Jamiyat va men» respublika tanlovida «Eng yaxshi yoritilgan huquqiy mavzular» yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining «Odil sudlov» – «Правосудие» jurnali davlat muassasasi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida» 2021 yil 23 dekabrdagi RS-73-21-sonli qaroriga binoan jurnalning alohida bo‘lgan elektron nusxasi ham tashkil etildi. Unda mamlakatda olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarni keng yoritishga, ma’muriy, fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sud ishlarini yuritishga oid qonunlarni amalga qo‘llash va takomillashtirish masalalariga, tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslariga, respublika sudlari, chet el sudlari, arbitraj va hakamlik sudlari tajribasiga, tarix va falsafa sohasiga oid materiallarni berib borish ko‘zda tutildi.
«Odil sudlov» – «Правосудие» jurnalining elektron shakli 2022 yildan boshlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanib, tahritiyatning kanaliga joylashtirib borish yo‘lga qo‘yildi. Elektron jurnalga 2026 yildan boshlab obuna tashkil qilina boshlandi.
Ushbu jurnal ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2022 yil 30 apreldagi 315/5-sonli qarori bilan yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (PSc) ilmiy darajasi bo‘yicha ilmiy maqolalar chop etiladigan nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.