Hech kimga sir emaski, sudda fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlarni ko‘rish jarayonida jinoyat alomatlari ham aniqlanib qoladi. Bunday holatda sud prokurorga xabar qiladi. Natijada ish bo‘yicha adolat yuzaga chiqib, qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Bu haqda batafsil fikr yuritadigan bo‘lsak, Savdo-sanoat palatasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” manfaatini ko‘zlab, Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga kiritilgan ariza-shikoyatni ko‘rish jarayonida ham jinoyat alomati aniqlandi.
Unda Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslarining 2024 yil 11 dekabrdagi xabarnomasida ifodalangan harakatlarini qonunga xilof deb topib, boshqarma zimmasiga 2021 yil 14 sentyabr kuni notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklash so‘ralgan.
Gap shundaki, notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasiga binoan, fuqaro Hafizaxon So‘pievaga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tegishli, Quvasoy shahar Yu. Muyan nomidagi mahallada joylashgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish bino-inshootlari hamda fuqaro Hayitxon Ahmadjonova egaligidagi molxona bino-inshootlari garovga qo‘yilgan.
Natijada kredit shartnomasiga asosan, “Xalq banki”ning Quvasoy tumani filiali tomonidan “Quvasoy Shohimardon durdonalari” fermer xo‘jaligiga naslli chorva mollarni sotib olish maqsadida, yillik 14 foiz ustama to‘lash sharti bilan 84 oy muddatga 856 million 800 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.
Biroq mijoz kreditni o‘z vaqtida qaytarmagani sababli Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bank manfaatini ko‘zlab, sudga da’vo arizasi kiritgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2023 yil 7 apreldagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, fermer xo‘jaligi, qo‘shimcha javobgarlar Hafizaxon So‘pieva va Hayitxon Ahmadjonovadan jami 1 milliard 75 million 403 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish hamda undiruvni garovdagi mulklarga qaratish belgilangan.
Shundan so‘ng Majburiy ijro byurosi Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan ushbu hal qiluv qarori bo‘yicha ijro ishi yuritilgan. Ijro harakatlari davomida esa, notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani aniqlangan. Binobarin, bankning Farg‘ona viloyati filiali Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona viloyati boshqarmasiga murojaat qilib, ipoteka shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliy yordam so‘ragan.
Ma’lumki, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunning 61-moddasida “Ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida notarius yoki bank ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaning, ipoteka to‘g‘risidagi shartnomaning, kredit shartnomasining yoki qarz shartnomasining elektron ko‘chirma nusxasini taqdim etadi”, deb belgilangan.
Shu bois boshqarmaning 2024 yil 11 dekabrdagi javob xatida mulkdor yoki uning ishonchli vakili murojaat qilganidan so‘ng ipoteka shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berilishi ma’lum qilingan. Albatta, bu javob bank filialini qoniqtirmagan. Oqibatda Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga yuqoridagi ariza shikoyati kiritilgan.
Sud majlisida notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasida qayd etilgan noturar bino-inshootlarning kadastr hujjatlari bilan bugungi kunda “UzKAD” platformasidagi hujjatlarda qarama-qarshi yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar borligi aniqlandi. Buni sudda ishtirok etgan taraflarning o‘zlari ham inkor etishmadi. Hozirgi kunda hujjatlardagi qarama-qarshilik yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni to‘g‘rilash imkoniyati mavjud emasligi ham ayon bo‘ldi.
Eng ajablanarlisi, notarius tomonidan hujjatning barcha nusxalariga uning mohiyatini o‘zgartirmaydigan qo‘shimchalarni kiritish yoki uning aniq arifmetik xatolarinigina tuzatishga mulki garovga qo‘yilgan, ya’ni ipoteka shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishiga qarshilik ko‘rsatayotgan taraflar monelik qilganligi aniqlandi. Vaholanki, hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etmay turib, ipoteka shartnomasini qonunda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib bo‘lmaydi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasida “Agar sud nizoni ko‘rayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun bu haqda tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi”, 189-moddasida esa, “Sud agar ustidan shikoyat qilinayotgan qaror yoki uning ayrim qoidalari yoxud harakatlar (harakatsizlik) qonunga muvofiq ekanligini hamda arizachining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmayotganligini aniqlasa, u arz qilingan talabni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qiladi” deb belgilangan.
Ana shu asoslarga tayangan sud shikoyat arizasini rad etish yuzasidan hal qiluv qarori qabul qildi. Shu bilan birga, “Xalq banki”ning Quvasoy tumani filiali, Quvasoy shahar “Yermulkkadastr” davlat korxonasi, “Quvasoy Shohimardon durdonalari” fermer xo‘jaligi, Hafizaxon So‘pieva va Hayitxon Ahmadjonovalarning harakatlariga huquqiy baho berish, jinoyat yoki huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish uchun Quvasoy shahar prokuraturasiga xabarnoma yubordi.
Buni qarangki, sud xabarnomasi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda “Quvasoy Shohimardon durdonalari” fermer xo‘jaligi tomonidan hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan imtiyozli kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Ya’ni fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslari 856 million 800 ming so‘m evaziga Ukraina davlatidan 32 bosh naslli qoramol olib keladi. Ammo qoramollarni naqd pulga sotib yuborishadi.
Ular qoramollarni sotishdan tushgan pullarni kredit qarzdorligiga yo‘naltirish o‘rniga shaxsiy ehtiyojlariga sarflaydi. Shuning uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga fermer va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, ularni himoya qilish masalasi eng dolzarb vazifalardan biri sifatida qo‘yilgan. Shunday ekan, soha vakillari ham bu yuksak ishonchni suiiste’mol qilmasliklari kerak.
Solijon QURBONOV, Farg‘ona viloyati ma’muriy sudi sudyasi