Bugungi kunda mamlakatimiz sud-huquq tizimida joriy etilgan yangilanish va o‘zgarishlar amalda kutilgan samaralarni bermoqda. Jumladan, sudlar tomonidan 2025 yilda 422 nafar shaxs oqlangani sudyalar mustaqil qaror qabul qilayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2026 yil 27 yanvar kuni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida davlat hamda jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sudyalarning xizmatini ana shunday e’tirof etgani bejiz emas.

Binobarin, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudlari tomonidan 2024 yilda — 16 nafar, 2025 yilda 19 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. O‘tgan yili 10 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan oqlov hukmlari birinchi bosqich sudlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, apellyatsiya bosqichida — 5 nafar, kassatsiya va taftish instansiyasi sudlov hay’atlari sud majlislarida 4 nafar shaxs oqlangan.

Sudning adolatli qarori bilan oqlangan shaxslar orasida “Buxoro qurilish mollari savdo markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘aybulla Avezov ham bor.

Bu haqda batafsil fikr yuritadigan bo‘lsak, G‘. Avezov 2020 yil 14 sentyabrda “Buxoro suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati shahar filiali bilan ichimlik suvi yetkazib berish va to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan shartnomaga ko‘ra, har oyning 20-25 sanasi oralig‘ida sarflangan ichimlik suvi bo‘yicha hisobot topshirishi, suv ta’minoti uchun 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirishi kerak edi. Ammo 2023 yil 25 aprel holatida iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun 15 million 256 ming so‘mlik qarzdorlik yuzaga keladi.

Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 109-bandiga asosan, G‘. Avezov rahbarligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tarmoqdan uzib qo‘yiladi. Biroq ular umumiy foydalanishdagi suv quvuri tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 2023 yil 15 iyundan 19 iyunga qadar 88 million 561 ming 285,6 so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgan. Bu o‘zboshimchalik oqibatida “Buxoro suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyat shahar filialiga jami 1 milliard 217 million 717 ming 677,9 so‘m – juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Tergov organi tomonidan ana shu hisoblangan zarar ayblovga asos qilib olingan. O‘z navbatida, mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari G‘. Avezovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga o‘tkazilgan.

Birinchi bosqich sudining 2024 yil 7 martdagi hukmiga ko‘ra, G‘. Avezov Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi 4-qismi va 169-moddasi 2-qismi “b”, “d” bandlari bilan aybdor deb topilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 3 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchidan “Buxoro suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 1 milliard 217 million 717 ming 677,9 so‘m yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Qonun mezonlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun Jinoyat–protsessual kodeksining 82-moddasida nazarda tutilgan talablar isbotlangan bo‘lishi kerak. Bunda jinoyat ob’ekti, jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish, shuningdek, jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi, jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari aniqlanishi shart.

Shuningdek, Oliy sud Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi qarori 4-bandidagi rahbariy tushuntirishlarga ko‘ra, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkin.

Bunda ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqilishi kerak.

Sudlanuvchining jinoyat sodir qilganligini ham fosh etadigan, ham oqlaydigan har bir dalil, Jinoyat–protsessual kodeksining 95-moddasiga muvofiq, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.

Afsuski, G‘. Avezovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishida yuqoridagi protsessual qonun talablari isbotlanmagan. Shuningdek, Oliy sud Plenumi qaroridagi rahbariy tushuntirishlariga rioya etilmagan.  

Ish holatidan anglashilishicha, G‘. Avezov rahbarligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli bozor hududida 100 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti qurilish mollari savdosi faoliyati bilan shug‘ullanadi. Har biriga alohida-alohida suv hisoblash uskunasi o‘rnatilgan.

Foydalanilgan ichimlik suvi uchun nazoratchilar tadbirkorlik sub’ektlaridan pul yig‘ib chiqishadi va buxgalteriya orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Buxoro suv ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyat shahar filiali hisob raqamiga to‘lab beriladi.

Sudlangan G‘. Avezov ish joyida ichimlik suvidan qarzdorlik yuzaga kelganligidan xabarsiz bo‘lgan. Qarzdorlikni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro shahar bo‘limiga chaqirtirilib, holat yuzasidan tushuntirish xati olganlarida bilgan.

“Buxoro suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyat shahar filiali tomonidan suv quvuri muhri buzilganligi holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilganini ham o‘sha yerda eshitgan.

G‘. Avezov sudda bergan bayonotida ta’kidlashicha, suv ta’minoti jamiyati bilan tuzilgan shartnomaga u imzo qo‘ymagan. U shartnoma shartlari bilan ham tanish emas.

G‘. Avezov yoki u rahbari bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga suv quvuri tarmog‘idan yashirincha foydalanishdan hech qanday manfaat yo‘q, chunki suvdan tijorat maqsadida foydalanilmaydi. Har bir tadbirkor ishlatgan suvning pulini o‘zi to‘laydi.

Mantiqan olganda, suv quvuri tarmog‘i muhrlariga qasddan shikast yetkazib, o‘zboshimchalik bilan ulanish va undan noqonuniy foydalanish G‘. Avezovga o‘zi nimaga kerak?

Sudlangan G‘. Avezovga qo‘yilgan Jinoyat kodeksining 185-2 va 169- moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlar esa, qasddan sodir etilgan hisoblanadi. Nega deganda, ushbu jinoyatlar sub’ektiv tomondan hamma vaqt qasddan sodir etiladi. Biroq na tergov organi va na birinchi bosqich sudida aynan G‘. Avezov tomonidan suv quvurining muhri buzilganligi va ichimlik suvdan noqonuniy foydalanilganligi haqida biror-bir dalil to‘planmagan.

Yanada qizig‘i, suv quvurining muhri to‘rt marta kim yoki kimlardir tomonidan buzilib, ichimlik suvidan o‘zboshimchalik bilan foydalanilganligi yuzasidan “Buxoro suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyat xodimlari G‘. Yunusov, M. Yunusov, S. Shohimardonov, H. Tovbaev, “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi B. To‘raev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan dalolatnomalar rasmiylashtirilgan. Iste’molchi vakili sifatida L. Elmurodov ba’zi dalolatnomalarga kiritilgan, ammo u imzo qo‘yishdan bosh tortganligi qayd etilgan.

L. Elmurodovning dalolatnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortganligining sababi bor. U shu yaqin atrofidagi “Kogon sardor servis savdo” jamiyati rahbari vazifasida ishlaydi, G‘. Avezov rahbar mas’uliyati cheklangan jamiyatga aloqador emas. L. Elmurodov uni chaqirganlari uchun suv ta’minoti xodimlari oldiga borgan, mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga ham, suv ta’minoti jamiyatidagilarga ham, go‘yoki bozorning rahbari G‘. Avezov ekanligini aytgan.

Shu o‘rinda yana ish holatlariga qaytadigan bo‘lsak, dalolatnomalarni rasmiylashtirishda jamiyat vakili ishtirok etmagan, ushbu qoidabuzarlik haqida jamiyatga ma’lum ham qilinmagan. 2023 yil 19 iyun kuni rasmiylashtirilgan dalolatnomada quvur muhri buzilganligi qayd etilgan bo‘lsa-da, ana shu muhrning raqami ko‘rsatilmagan. Quvur qaytadan muhrlanganda ham, qanday raqamdagi muhr qo‘yilganligi yozilmagan.

Sudning so‘roviga “Buxoro suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bu haqda ma’lumot taqdim etilmagan.

Buxoro viloyati IIB EKMning xatshunoslik ekspertiza xulosasi suv ta’minoti jamiyati bilan tuzilgan shartnomadagi imzo boshqa shaxsga tegishli ekanligini ko‘rsatdi. Bunday holatda G‘. Avezov tuzilgan shartnoma yuzasidan biror-bir majburiyatga ega emas.

Shu tariqa G‘. Avezov quvurning muhrini buzib, ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganligi o‘z isbotini topmagan. Uning aybdorligiga oid shubhalarni bartaraf etish imkoniyatlari esa, tugagan. Shuning uchun sudlov hay’ati birinchi bosqich sudining G‘. Avezovga nisbatan chiqargan hukmini bekor qildi va sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli uni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan, oqladi.

Xulosa shuki, birovning jinoiy qilmishi uchun aybsiz odam jazolanmasligi kerak. G‘aybulla Avezov jamiyatimizda qonun ustuvorligi, odil sudlov ta’minlanayotganligi, jinoyatga daxli yo‘qligi sabab oqlandi. Oilasi, yaqinlari, mahalla-ko‘y, tanish-bilishlari oldida yuzi yorug‘ bo‘lishiga erishdi.

Lekin jinoyatni kim yoki kimlar sodir etgan? Aybdor yoki aybdorlar topilishi, jinoyatga jazoning muqarrarligi ta’minlanishi kerak. Sudlov hay’ati, Jinoyat-protsessual kodeksining 470-moddasiga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ishni prokurorga yubordi.

Ilyosjon USMONOV, Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi

Manba